Agentlik yangiliklari
03.01.2011Axborot sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etish masalalari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim, madaniyat
va sport masalalari hamda Budjet va iqtisodiy islohotlar masalalari
qo‘mitalarining O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligida
bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisida “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi
O‘zbekiston Respublikasi qonuni talablarining O‘zbekiston aloqa va
axborotlashtirish agentligi tomonidan, “Mualliflik huquqi va turdosh
huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni talablarining
O‘zbekiston Mualliflik huquqini himoya qilish agentligi tomonidan ijro
etilishini, ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini media
makonga keng joriy qilish, ommaviy axborot vositalarining nodavlat
sektorini rivojlantirish sohasidagi davlat dasturlari Toshkent
viloyatida ijro etilishining borishini o‘rganish natijalari ko‘rib
chiqildi.
Qayd etilganidek, ushbu masalalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning 2010 yil 26 yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining birinchi majlisidagi, 2010 yil 27 yanvardagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlisidagi “Fuqarolik jamiyati barpo etish – ustuvor maqsadimizdir” nomli ma’ruzalarining” nomli ma’ruzalarining tobora kengayib borayotgan nodavlat ommaviy axborot vositalari tarmog‘i faoliyatining normativ-huquqiy bazasi yanada rivojlanishini, mualliflik huquqlari va intellektual mulk himoya qilinishini ta’minlashga, shuningdek, axborot sohasiga bozor mexanizmlarini joriy etishga doir asosiy qoidalari va xulosalarini ro‘yobga chiqarish maqsadida o‘rganildi.
O‘rganish shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi hamda O‘zbekiston Mualliflik huquqini himoya qilish agentligi tomonidan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi hamda “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining tegishli talablarini ijro etish, Toshkent viloyatida esa ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini media makonga keng joriy etish, ommaviy axborot vositalarining nodavlat sektorini rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlarini bajarish yuzasidan muayyan ishlar olib borilgan.
Chunonchi, O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 2002 yil 6 iyulda tasdiqlagan Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirishning 2002-2010 yillarga mo‘ljallangan dasturi hamda boshqa normativ-huquqiy hujjatlar asosida muntazam ish olib borilmoqda. Davlat axborot resurslari va tizimlari reyestri tashkil etilgan bo‘lib, unda 187 ta axborot resursi ro‘yxatga olingan. Internet xalqaro axborot tarmog‘idan erkin foydalanish uchun shart-sharoit yaratish maqsadida xalqaro optik tolali telekommunikatsiya tarmog‘iga ulanish yo‘nalishlarining soni oltitaga yetkazildi. Internetdan foydalanuvchi fuqarolar soni 6,6 million nafardan ortdi, internet xalqaro tarmog‘ida xizmatlar ko‘rsatayotgan operatorlar va provayderlarning umumiy soni esa 965 taga yetgan. Hozirgi paytda mamlakatimizda dasturiy mahsulot chiqaradigan 230 ga yaqin korxona va tashkilot ishlab turibdi, 264 nomda dasturiy mahsulot ro‘yxatga olingan va ishlab chiqarilmoqda. Tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan qariyb 970 ta yuridik shaxs ma’lumotlar uzatish tarmog‘ida xizmatlar ko‘rsatmoqda. Davlat organlari tomonidan 114 ta veb-sayt tashkil etilgan. Milliy axborot makonida uzluksiz ta’lim tizimini tashkil etish maqsadida “ZiyoNet” tarmog‘i yaratilgan bo‘lib, unga 11305 ta ta’lim muassasasining 10670 tasi ulangan.
“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni talablarini bajarish maqsadida O‘zbekiston Mualliflik huquqini himoya qilish agentligi tomonidan bir qator normativ-huquqiy hujjat ishlab chiqilgan, mualliflik huquqlarini himoya qilish sohasidagi shartnomalarning ijro etilishi monitoring qilinmoqda. Bugungi kunga kelib 3269 ta adabiy va ilmiy asarlar obyekti hamda san’at asari, shuningdek, turdosh huquqlar ro‘yxatga olingan. 2008-2010 yillar mobaynida O‘zbekiston Mualliflik huquqini himoya qilish agentligi bilan mualliflarning merosxo‘rlari o‘rtasida ularning mulkiy huquqlarini kollektiv asosda boshqarish to‘g‘risida 23 ta shartnoma tuzilgan. Shu davrda mualliflik shartnomasi institutining mohiyatini targ‘ib qilish hamda aholiga, shu jumladan ijodiy mehnat bilan shug‘ullanuvchi mualliflarga yuridik maslahatlar berish maqsadida 150 dan ortiq seminar, konferensiya va davra suhbati o‘tkazildi.
Ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini media makonga keng joriy etish, ommaviy axborot vositalarining nodavlat sektorini rivojlantirish maqsadida Toshkent viloyati hokimining 2005 yil 5 avgustdagi Kompyuterlashtirish va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini yanada rivojlantirish dasturini tasdiqlash haqidagi qarori qabul qilindi. Hozirgi kunda viloyatda 55 ta ommaviy axborot vositasi chop etilayotgan bo‘lib, shuning 22 tasi nodavlat sektorga mansubdir.
Shu bilan birga, masalani ko‘rib chiqish asnosida senatorlar va yuqorida nomlari keltirilgan agentliklar hamda xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi vakillari yuqoridagi qonunlarning talablari ijro etilishini ta’minlash va nodavlat ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish, mavjud kuch, mablag‘ va resurslarni ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini poytaxt viloyatining media makoniga joriy etish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish zarurligiga qaratdilar. Majlisda axborot sohasiga bozor mexanizmlarini yanada ko‘proq joriy etish, intellektual mulk to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini takomillashtirish masalalari yuzasidan bir qator tavsiyalar ham berildi.
Muhokama yakunlari bo‘yicha qo‘mitalarning tegishli qarori qabul qilindi.
Qo‘shma majlis ishida senatorlar, O‘zbekiston Respublikasi aloqa va axborotlashtirish agentligi, O‘zbekiston Mualliflik huquqini himoya qilish agentligi, O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi rahbarlari, xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi doimiy komissiyalarining raislari, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi, shuningdek, ommaviy axborot vositalarining vakillari qatnashdilar.
O‘zA saytidan olindi. 24.12.2010




