Agentlik yangiliklari

12.04.2011

Qonun ijrosi bilan kuchli
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasida “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning Farg‘ona viloyatidagi ijrosini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda deputatlar, tegishli vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari vakillari, Farg‘ona viloyati hokimligi rahbarlari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi E.Yusupov va boshqalar yurtimiz qonunchiligidagi mualliflik huquqlari va intellektual mulkni ishonchli himoya qilishga qaratilgan huquqiy tamoyillarning hayotimizda o‘z ifodasini topishi jamiyatimizni yanada demokratlashtirishga xizmat qilayotganini ta’kidladi. Mamlakatimizda intellektual mulk egalarining huquq va manfaatlarini himoya qilish xalqaro qonunchilikning eng ilg‘or tamoyillariga asoslangan.
Intellektual mulk sohasidagi munosabatlar, ularning qonuniy asoslari, mualliflar va boshqa subyektlarning mulkiy va nomulkiy huquqlari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qator qonun hujjatlari bilan tartibga solinmoqda. Ayni paytda adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish borasida Bern konvensiyasi hamda mazkur yo‘nalishdagi bir qator xalqaro hujjatlar ratifikatsiya qilingan.
“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonun fan, adabiyot va san’at asarlarini, ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali beriladigan ko‘rsatuv yoki eshittirishlarni (turdosh huquqlar) yaratish, ulardan foydalanish bilan bog‘liq ko‘plab mulkiy va nomulkiy munosabatlarni o‘z ichiga olgan. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi 2011-2014 yillarga mo‘ljallangan qonun ijodkorligi, nazorat-tahlil faoliyati rejasiga asosan, “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining Farg‘ona viloyatidagi ijrosini nazorat-tahlil tartibida o‘rgandi.
Hozirgi kunda Farg‘ona viloyatida yuzga yaqin bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, o‘ndan ziyod madaniyat va istirohat bog‘i, qariyb 20 mehmonxona, o‘nlab internet-kafe, minglab savdo va umumiy ovqatlanish korxonalari, bir qancha stadion, sport va konsert zallari, teatr, kinoteatrlar mavjud. Nazorat chog‘ida mazkur subyektlarning ayrimlarida soha qonunchiligiga rioya etilmayotgani, bu ko‘p hollarda yetarli huquqiy bilim va malakaga ega emaslik oqibatida sodir bo‘layotgani aniqlandi.
Viloyatda 2009 yili 873,5 million so‘mlik, 2010 yili esa 532 million so‘mlik audio-video kasseta va lazerli disklar kontrafakt mahsulot sifatida olib qo‘yilgan, ularning egalari tegishli javobgarlikka tortilgan. Joriy yilning birinchi choragida bu raqam 34,1 million so‘mni tashkil qildi.
Yig‘ilishda mualliflik huquqi va turdosh huquqlarga oid qonunchilikni yanada takomillashtirish, joylarda, ayniqsa, soha foydalanuvchilari orasida tegishli tushuntirish ishlarini kengaytirish, kontrafakt mahsulotlarga qarshi kurashni izchil va muntazam tarzda olib borish yuzasidan fikr almashildi.
O‘zA, Sayyora Shoyeva, 11.04.2011

orqaga