Maqolalar
13.04.20112011 yil 23 aprelda nishonlanadigan Xalqaro kitob va mualliflik huquqi kuniga bag`ishlangan matbuot-reliz
23 aprel – UNESKOning 28- Bosh Konferensiyasi qarori bilan 1995 yilda
Xalqaro kitob va mualliflik huquqi kuni deb belgilangan. Bundan
ko`zlangan asosiy maqsad – dunyo taraqqiyotida muallif va mualliflik
huquqi masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish, huquqiy
adabiyotlar yaratilishida ko`maklashish, mahalliy aholini xalqaro
konvensiyalar bilan tanishtirish, yoshlarni kitob o`qishga qiziqtirish,
mualliflik huquqiga oid tadbirlar o`tkazishdan iboratdir.
Ayni shu kuni Xalqaro kitob va mualliflik huquqi kuni deb e’lon qilinganligi bejiz emas. 23 aprelda vafot etgan Migel de Servantes (1616), Uilyam Shekspir (1616), Inki Garsilaso de la Vega (1616) va boshqa yozuvchi, dramaturg, shoirlarni xotirlab, shu kuni minatdor insoniyat yuksak ehtirom ila ular nomini tilga oladi.
Jahon madaniyati rivojiga beqiyos hissa qo`shgan ingliz rassomi Uilyam Terner (1775), rus bastakori Sergey Prokofev (1891), islandiya adibi Haldour Kilyan Laksness (1902), fransuz yozuvchisi Moris Dryuoon (1918), Yangi Zelandiya yozuvchisi Nayo Marsh (1899)lar ham aynan mana shu sanada tavallud topishganini yoki vafot etganligini ta’kidlab o`tish joizdir.
O`zbekiston shuningdek, mualliflik huquqini himoya qilish bilan shug`ullanib kelayotgan UNESKO, Jahon Intellektual mulk tashkiloti kabi bir qator xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Jahon miqyosida mualliflik huquqini himoya qilishga qaratilgan asosiy hujjatlardan biri – Adabiy va badiiy asarlarni muhofaza qilish bo`yicha Bern konvensiyasi hisoblanadi. O`zbekiston ushbu konvensiyaga 2004 yilda qo`shilgan bo`lib, 2005 yilning aprel oyida u kuchga kirdi. Konvensiya universal huquqiy hujjat bo`lib, a’zo davlatlarda to`g`ridan – to`g`ri yoki uning qoidalarini sohaga oid milliy qonunchilikda aks ettirish orqali qo`llaniladi.
Mamlakatimizda milliy qonun hujjatlarini mazkur konvensiya talablariga moslashtirish maqsadida 2006 yilda O`zbekiston Respublikasining «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida»gi Qonuni qabul qilindi. Mazkur qonunning qabul qilinishi fan, adabiyot va san’at sohasida ijod qiluvchi mualliflar va ular asarlarining davlat tomonidan muhofaza qilinishini ta’minlovchi, ular tomonidan yangidan-yangi asarlar yaratish imkoniyatini vujudga keltiruvchi, ular mehnatini munosib taqdirlanishiga ko`maklashuvchi tegishli shart – sharoitlarni yaratib berdi. Mamlakatimizda mualliflik huquqini himoy qilish davlat siyosati darajasiga ko`tarilgan.
«Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida»gi Qonunga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 8 yanvardagi «Mualliflik haqi va boshqa haq to`lash turlari stavkalarini tasdiqlash to`g`risida»gi 8-sonli va 2008 yil 19 yanvardagi «Adabiyot va san’at asarlaridan foydalanganlikning ayrim turlari uchun mualliflik haqining eng kam stavkalari to`g`risida»gi 10-sonli qarorlari qabul qilingan. Ushbu qarorlar muhim qonunosti hujjatlari bo`lib, ular amalda mualliflar va ularning vorislari mulkiy huquqlarini ta’minlash hamda davlatimiz tomonidan mualliflik huquqiga oid xalqaro majburiyatlarning samarali bajarilishida muhim omil bo`lib xizmat qiladi.
O`zbekiston mualliflik huquqini himoya qilish respublika agentligi tomonidan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasida qonun hujjatlari talablarini ta’minlash borasida ma’lum ishlar amalga oshirildi. Jumladan, qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning ijrosini ta’minlash maqsadida mualliflarni izlash, ro`yxatga olish va ular bilan shartnomalar tuzish, mualliflarga mualliflik haqlari o`rnatilgan tartibda to`lab borilishi yuzasidan foydalanuvchilar bilan suhbatlar o`tkazish, mualliflar arizalariga ko`ra ular tomonidan mualliflik haqlarini o`z vaqtida va to`la hajmda to`lanishini talab qilish, mualliflik huquqlari buzilgan hollarda mualliflar nomidan tegishli tashkilotlarga murojaatlar þborish ishlari amalga oshirilmoqda.
O`zbekiston Respublikasining «Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to`g`risida»gi Qonuni talablarini amalga oshirish bo`yicha chora-tadbirlar rejasi doirasida tegishli vakolatli idoralar bilan o`tkazilgan reyd va tekshiruvlar natijasida mualliflik huquqi ob’ektlaridan mualliflarning ruxsati yoki roziligisiz foydalanish, ko`paytirish va ularni noqonuniy savdosi bilan shug`ullanish holatlari aniqlanib, intellektual mulk ob’ektlarining kontrafakt nushalari daliliy ashyo sifatida olib qo`yildi va sud qarorlari bilan yo`q qilindi. 2010 yilda manfaatdor vazirlik va idoralar tomonidan qariyb 3000 ta ana shunday tadbir o`tkazildi.
23 aprel – Xalqaro kitob va mualliflik huquqi kuni bu yil ham keng nishonlanadi. Mualliflar bilan uchrashuvlar, seminarlar va boshqa ko`plab tadbirlar o`tkazilishi rejalashtirilgan. Xususan, mualliflik huquqlarini himoya qilish prinsiplarini, bu sohada huquqiy madaniyatni oshirish, qonun hujjatlari talablariga rioya qilish to`g`risida tushuntirish va targ`ibot ishlarini olib borishga qaratilgan seminar va davra suhbatlarini o`tkazish, kontrafakt mahsulotlar muomalasiga qarshi kurashish bo`yicha olib borilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalari orqali keng ommaga etkazish kabi tadbirlar o`tkazish ko`zda tutilgan.
Xalqaro kitob va mualliflik huquqi kunini nishonlash orqali biz inson tafakkuri va ijodkorligi qudratini e’tirof etish bilan birga uning iqtisodiy, madaniy va ijtimoiy taraqqiyotni olg`a suradigan ijodkorligini oziqlantiruvchi va yo`naltiruvchi mualliflik huquqlariga ham tan beramiz.
O`zbekiston mualliflik huquqini
himoya qilish respublika agentligi
matbuot xizmati.




